Innovatsiyalar Milliy Ofisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 1 apreldagi «Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-6198-son Farmoniga muvofiq: Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi negizida, davlat muassasasi shaklidagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi (qisqacha — Innovatsiyalar Milliy Ofisi) tashkil etildi. Milliy ofisning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
- iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqib ilmiy faoliyat natijalari, innovatsion mahsulotlar va xizmatlar, shu jumladan yangi qurilmalar, materiallar hamda texnologiyalarni yaratish, joriy etish, ko‘paytirish va ularni tijoratlashtirish;
- tijoratlashtirish imkoniyatiga ega ishlanmalarni tanlash, baholash va joriy etishda faol qatnashish, ularni tijoratlashtirish uchun investitsiyalarni jalb qilish, ushbu yo‘nalishda forumlar, xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalar o‘tkazish;
- ilmiy, loyiha-konstruktorlik va texnologik tashkilotlarni ishlab chiqarish tashkilotlari bilan ilmiy va innovatsion sohada izchil hamkorligini rivojlantirish;
- ilmiy faoliyat subyektlariga intellektual mulk obyektlari va nou-xaulardan foydalanish bo‘yicha konsalting xizmatlari ko‘rsatish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini shakllantirish, moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda marketing usullarini qo‘llash bo‘yicha o‘quv va trening kurslarini tashkil qilish;
- xorijda ishlab chiqilgan texnologiyalar transferini amalga oshirishga va mahalliylashtirishga ko‘maklashish.