Ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha navbatdagi iqtisodiy oʻqish tashkil etildi

Tadbirni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev olib borib, o‘qishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ijro intizomi tizimini takomillashtirish, ish jarayonining samaradorligini oshirish hamda elektron boshqaruv tizimlaridan foydalanish bo‘yicha xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat ekanini ta’kidladi.
O‘qish doirasida Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi hamda “Unicon Soft” mutaxassislari ijro intizomini mustahkamlash masalasida ma’ruzalar o‘qidi. “Ijro.gov.uz” elektron tizimidagi oxirgi yangilanishlar hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar muhokama qilindi. 2024-yilda prezident va hukumat hujjatlarida belgilangan topshiriqlarning ijrosi haqida ma’lumot berilib, ularni bajarishda yuzaga kelgan kamchiliklar tahlil qilindi.
Shuningdek, iqtisodiy o‘qish davomida ijro intizomining samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq takliflar ilgari surildi. Xususan, ijro intizomini raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish, hujjatlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatni kuchaytirish va nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Mazkur tadbir barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘lib, kelgusida ish samaradorligini oshirish, mas’uliyatni kuchaytirish hamda hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlanib, “Ishni jamoa bajaradi – mas’uliyat esa shaxsiy” tamoyili asosida faoliyat olib borilishiga kelishildi.