Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegtasiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga (SHUAR) tashrif buyurdi

Joriy yilning 28-30 aprel kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Otabek Maxkamov boshchiligidagi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga (SHUAR) amalga oshirgan xizmat safari davomida ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, istiqbolli yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini muhokama qilish hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik uchrashuvlari tashkil etildi va ko‘plab manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Xususan:
🔺 “Tyanfen” Sinszyan qishloq xo‘jaligi ilmiy-texnikaviy kompaniyasi bilan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun mo‘ljallangan laboratoriya markazi ochilishiga kelishib olindi va bitim imzolandi.
🔺BMTning Savdo–sotiq va rivojlanish komissiyasi (UNCTAD) eksperti va Space Techtronic Industries Services (Shenzhen) Co., Ltd. vakillari bilan esa o‘z navbatida texnologiyalarni Xitoydan O‘zbekistonga transfer qilish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi maxsus markaz tashkil etishga kelishildi.
🔺Xitoyning Xinjiang Beixin Road & Bridge Group Co., Ltd. kompaniyasi bilan akademik almashinuv dasturlarini tashkillashtirishga kelishildi.
🔺Tyanszin qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda agrar sohadagi ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladigan markaz tashkil etish va “Yangi O‘zbek-Xitoy landshaft dizayni” konsepsiyasini yaratish va bu yo‘nalishda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
🔺Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali hamda Xitoyning Chan’an universiteti o‘rtasida talabalar almashinuvi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Xitoy tomonidan taklif etilgan dasturga ko‘ra, 4 ta bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha har bir yo‘nalishga 30 nafargacha talabani qabul qilish rejalashtirilgan.
🔺Sian neft universiteti bilan o'tkazilgan uchrashuvda ta’lim va ilmiy sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, Sian neft universitetining O‘zbekistondagi filialini ochish bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilindi.
🔺Pekin texnologiya institutining Toshkent shahridagi filialini ochish masalasi muhokama qilindi. Yangi xorijiy kampus tarkibida beshta asosiy fakultet faoliyat yuritadi: kompyuter fanlari, mashinasozlik va avtomobilsozlik, “yashil” energetika, katta ma’lumotlar (Big Data), sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik.