“Qadimgi va zamonaviy Ipak yo‘llari bo‘yicha Xitoy – Markaziy Osiyo qo‘shma laboratoriyasi”ning ochilish marosimi o‘tkazildi
Xitoy Xalq Respublikasining Zhejiang Sci-Tech universiteti tashabbusi bilan joriy yilning 23-dekabr kuni Xanchjou shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo to‘qimachilik universitetlari alyansi” hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida “Qadimgi va zamonaviy Ipak yo‘llari bo‘yicha Xitoy – Markaziy Osiyo qo‘shma laboratoriyasi”ning ochilish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Askarali Daminov va Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi Bosh direktori Farxod Djumayev, shuningdek, respublikaning to’qimachilik sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo tomoni vakili sifatida Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori Baxtiyor Nasimov qo’shma laboratoriya direktori etib tayinlandi.
Tadbir doirasida Xitoy va Markaziy Osiyo to‘qimachilik universitetlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ilmiy laboratoriya tashkil etish bo‘yicha rasmiy hujjatlarni imzolash va taqdimot marosimlari o‘tkazildi.
Shuningdek, soha mutaxassislarining ilmiy ma’ruzalari tinglandi, akademik muhokamalar tashkil etildi.