Muhandislik sohasini rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi
2026-yil 23-fevral kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov raisligida muhandislik sohasida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ixtirochilik faolligini kuchaytirish hamda sohani tizimli rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda texnika yoʻnalishidagi oliygohlar rahbarlari, vazirlik va tizim tashkilotlari masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda global raqobat, sanoatlashuv va raqamli iqtisodiyot sharoitida mamlakat taraqqiyoti yuqori malakali muhandis kadrlarga bevosita bogʻliq ekani taʼkidlandi. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va texnologik mustaqillikni taʼminlashda muhandislik yoʻnalishi ustuvor ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Joriy yil aprel oyi “Muhandislik oyligi” deb eʼlon qilindi. 2026-yil 28–30-aprel kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivaliga tayyorgarlik ishlari koʻrib chiqildi.
Festival doirasida 39 ta yoʻnalishda musobaqa va tanlovlar, jumladan, oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida 7 ta maxsus yoʻnalishdagi tanlovlar tashkil etilishi belgilandi. Barcha oliygohlarga talabalarning faol ishtirokini taʼminlash, xorijiy hamkor universitetlar orqali chet ellik ishtirokchilarni jalb etish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Muhandislik boʻyicha “Eng yaxshi gʻoya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” respublika koʻrik-tanlovlariga tayyorgarlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi Barcha oliy taʼlim tashkilotlariga yosh muhandislarni tayyorlash, tajribali oʻqituvchi va mutaxassislarni biriktirish hamda kamida 30 tadan ishlanmani tanlovga taqdim etish vazifasi qoʻyildi.