Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi Vengriyaning Madaniyat va innovatsiya vazirligi va Vengriya bosh vaziri administratsiyasi vakillari bilan uchrashishdi

img

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi Vengriyaning Madaniyat va innovatsiya vazirligi va Vengriya bosh vaziri administratsiyasi vakillari bilan uchrashishdi. 

 

Uchrashuv davomida Vengriyaning Madaniyat va innovatsiya vazirligi departamenti boshlig'i Dr. Laura Sinoros-Szabo bilan oliy ta’lim va innovatsiyalar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, o'qitishning nazariy qismi ta'lim tashkiloti negizida, amaliy qismi esa ish joyida o'tkaziladigan dual ta’lim o’qitish tizimini yo’lga qo’yish va bu boradagi xorijiy tajribani o’rganish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Vengriyaning Madaniyat va innovatsiya vazirligi bilan hamkorlikda qo’shma o’quv dasturlarini tashkillashtirish, tarmoq tashkilotlarda amaliy stajirovkalarni yo’lga qo’yish, innovatsion ekosistemani rivojlantirishda malaka almashish kabi yo’nalishlarda ham hamkorlik qilishga kelishib olindi.

 

Shuningdek, Vengriya bosh vaziri administratsiyasi vakili Gyongy Katalin Bajdor bilan o'tgan suhbat davomida Yevropa Ittifoqining ilm-fan va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlovchi jamg'armalari bilan konsorsium asosida Horizont, Erasmus+, The Digital Europe Programme kabi dasturlar doirasida hamkorlik qilish va O'zbekistondagi ilmiy-innovatsion loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish masalalari ko'rib chiqildi. 

 

Uchrashuv so'ngida Vengriyaning innovatsion va startap kompaniyalari vakillari O’zbekistonda an’anaviy tarzda o’tkaziladigan innovatsion g’oyalar haftaligi – INNOWEEK-2023 da ko’rgazma ishtirokchisi yoki kuzatuvchi sifatida qatnashishga taklif qilindi.